Psoriaz (yunoncha: psoriasis — qichima), qipiqli temiratki — yuqmaydigan surunkali teri kasalligi. Mod-dalar almashinuvi (xususan, yogʻ va uglevod almashinuvi), nerv va endokrin sistema faoliyatining buzilishi, tonzillit, gaymorit, xoletsistit, adnek-sit va boshqa oqibatida kelib chiqishi, "suyak surishi" mumkin. Koʻpincha boshning sochli qismi, tizza, tirsak va qoʻl-oyoq yuzasida paydo boʻladi. Dastlab terida mayda, pushti yoki qizgʻish tugunchalar hosil boʻlib, ularning usti qipiqlanuvchi oqish, kumush rang poʻstloqb-n qoplanadi. Tugunchalar asta-sekin kattalashib, bir-biriga qoʻshilib ketadi. Kasallik zoʻrayganda P. toshmalari badanni butunlay egallab oladi (psoriatik eritrodermiya); bunda bemor oʻzini yomon his qiladi, isitmalaydi, limfa tugunlari kattalashadi.

P.ning baʼzi turida tirnoq, boʻgʻimlar ham zararlanib, shakli oʻzgaradi, harakat qilganda qattiq ogʻriydi, tirnoq yuzasi qalinlashib, xira tortadi (qushlar tirnogʻiga oʻxshab qoladi). Kasallik, odatda, kuz va qish oylarida qoʻzgʻab, yozda bir oz yengillashadi (remissiya). Asabiyruhiy shikastlar, spirtli ichimliklar ichish, quvvatsizlanish, parhez buzilishi natijasida P. toshmalari qaytadan paydo boʻladi. Teri kasalligiga xos belgilar koʻzga tashlanganda, albatta, vrachga uchrashish va uning koʻrsatmasi boʻyicha davolanish lozim. Maxsus davo tadbirlaridan tashqari, sut-oʻsimlik mahsulotlaridan tayyorlangan parhez taomlar, xususan, toʻla bemorlarga tvorog, oʻsimlik moyi, vitaminga (A, V, S) boy ovqatlar tavsiya etiladi. P.ning xili va kechish davrlariga qarab vrach buyurganda iqlim bilan davolanish yaxshi naf beradi.[1]

Manbalar tahrir

  1. OʻzME. Birinchi jild. Toshkent, 2000-yil